Markaz haqida

TTA huzuridagi pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tarmoq markazi haqida

Toshkent tibbiyot akademiyasi qoshidagi pedagogik mahorat bo’yicha oliy va o’rta tibbiy o’quv yurtlari professor-o’qituvchilari tarkibi malakasini oshirish markazi 1976 yildan buyon faoliyat ko’rsatib kelmoqda va dastavval u Toshkent Davlat tibbiyot instituti bazasida o’rta maxsus o’quv yurtlari o’qituvchilarining malakasini oshirish fakulteti sifatida tashkil qilingan. 1994 yilda yuqorida ko’rsatib o’tilgan fakultet bazasida Oliy o’quv yurtlari professor-o’qituvchilari tarkibi malakasini oshirish fakulteti tashkil qilindi. 1997 yilda O’zbekiston Respublikasi Sog’liqni Saqlash Vazirining 24 iyunidagi N302 sonli buyrug’i asosida malaka oshirish fakulteti oliy va o’rta mahsus o’quv yurtlari professor-o’qituvchilari tarkibi malakasini oshirish Markazi tashkil qilindi. O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012 yil 26 sentyabridagi N278 sonli «OLIY TA’LIM MUASSASALARI PEDAGOGIK KADRLARINI QAYTA TAYYORLASH VA MALAKASINI OSHIRISH TIZIMINI YANADA TAKOMILLASHTIRISH BO’YICHA CHORA-TADBIRLAR TO’G’RISIDA»gi qarori asosida 2013 yilning 1 yanvaridan Toshkent tibbiyot akademiyasi huzuridagi pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish Tarmoq Markazi (QT MOTM) qayta tashkil qilindi.

O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2015 yil 12 iyundagi “Oliy ta’lim muassasalari rahbar va pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini yanada takomillashtirish chora tadbirlari to’g’risida”gi PF-4732-sonli farmoni qabul qilindi.

Hozirgi kunga kelib Toshkent tibbiyot akademiyasi huzuridagi pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish Tarmoq Markazida O’zbekiston Respublikasining barcha tibbiy oliy o’quv yurtlari va Toshkent shahri va viloyati tibbiyot kollejlari pedagoglari malakalarini oshirmoqda. Umumiy hajmi 288 soatga mo’ljallangan o’qituvchilar malakasini oshirish dasturi o’qituvchilarning psixologik pedagogik mahoratlarini oshirishga va ularning kasbiy kompetentligini ta’minlashga yo’naltirilgan. Malaka oshirish dasturi o’qituvchilarga o’zlari dars berayotgan predmet sohasida kasbiy mahoratini oshirishga, ta’lim jarayoni sub’ektlarining kasb jihatidan muhim bo’lgan sifatlarini o’rganishga, ta’lim jarayoni sub’ektlarini o’qitish va tarbiyalash usullarini o’zlashtirishga, o’quvchilarning bilish faoliyatini aktivlashtirish usullari va vositalarini o’zlashtirishga hamda o’quv axborotlarini o’zlashtirish samarasini oshirishga imkon beradi. Malaka oshirish kurslari yakunlangandan so’ng QT MOTM tinglovchilari kursni tugatganligi to’g’risida guvohnoma – davlat namunasidagi sertifikatlarga ega bo’lishadi.

Malaka oshirishga jalb qilingan klinik kafedralar Toshkent shahrining yirik kasalxonalari va diagnostik markazlari bazasida joylashgan bo’lib, zamonaviy uskunalar bilan ta’minlangan. Bu kafedralarning xodimlari ilmiy tadqiqot ishlarining yangi yo’nalishlarini, fan va texnikaning so’ngi erishgan yutuqlari asosida tibbiyotda yangi texnologiyalarni rivojlantirishmoqda. Malaka oshirish kurslari mashg’ulotlari yuqori ilmiy va o’quv uslubiy darajada olib boriladi.

TTA huzuridagi pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish Tarmoq Markazida o’quv jarayonini tajribali va yuqori malakali professor-o’qituvchilar olib borishadi, ularning tarkibida 5 ta O’zbekiston FA akademigi, 55 dan ortiq tibbiyot fanlari doktorlari va 15 dan ortiq fan nomzodlari faoliyat ko’rsatishmoqda.

 

Translate: En Ru